Rektor qutlovi
Qadrli professor-o‘qituvchilar va talabalar,
Avvalo, barchangizni yangi 2024-2025-o‘quv yili bilan chin qalbimdan muborakbod etaman. Sizlarga yangi o‘quv yili yangi bilim va tajribalarga boy va samarali yil bo‘lishini tilagan holda, ruxsatingiz bilan, universitetimiz kechasi, buguni va ertasi haqida qisqacha so‘zlab bersam.
Xabaringiz bor, Osiyo texnologiyalar universiteti 2024-yil 8-avgustdan vazirlik tomonidan berilgan №345950-raqamli yangi litsenziyaga asosan Osiyo texnologiyalar universiteti sifatida faoliyatini davom ettirmoqda.
Universitetimizda 15 ta bakalavr hamda 6 ta magistratura yo‘nalishi bo‘yicha talabalarga ta’lim berilmoqda. Ayni damda kunduzgi yo‘nalishda 600 nafar, sirtqi ta’lim yo‘nalishlarida 7000 nafardan ortiq talaba tahsil olmoqda. Universitetimizda 3 ta kafedra (Pedagogika, Tillar, Ijtimoiy fanlar va raqamli texnologiyalar kafedrasi) tashkil etilgan bo‘lib, ularda 100 dan ortiq professor-o‘qituvchilar, jumladan 40 dan ortiq ilmiy darajali professor-o‘qituvchilar talabalarga sifatli ta’lim berib kelmoqda.
Universitetimiz birlamchi Qarshi innovatsion ta’lim universiteti sifatida 2022-yil 19-oktabrda tashkil etilgan. Keyinchalik, yurtimizda oliy ta’lim tizimida olib borilayotgan islohotlarga mos ravishda xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan xalqaro hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish, xorijiy professor-o‘qituvchilar va talabalarni o‘quv jarayoniga keng jalb qilish, yangi ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklarini ochish hamda kelgusida universitetning filiallarini tashkil etish maqsadida, 2024-2025-o‘quv yilidan universitet nomi “Osiyo texnologiyalar universiteti” nomiga o‘zgartirildi.
Asosiy maqsadimiz - talabalarimizga zamonaviy tajriba hamda texnologiyalar asosida sifatli ta’lim berish, ular uchun barcha shart-sharoit va imkoniyatlarni yaratish!
Talabalarimiz uchun universitetimizda yaratilgan shart-sharoitlar haqida qisqacha gapirib o‘tadigan bo’lsam, talabalarimizni nafaqat bilim olishlari, balki o‘z vaqtlarini samarali o‘tkazishlari uchun bir qator sharoitlar yaratilgan.
Talabalarimizning bilimga rag’batini yanada oshirish, ularning chet tillarini o‘zlashtirib, xalqaro maydonlarda o‘zini ko‘rsata olishini qo‘llab-quvvatlash maqsadida, 2024-2025-o‘quv yili yakuniga qadar 7+ balli IELTS xalqaro sertifikatini qo‘lga kiritgan talabalarimizga Rektor Grantini e’lon qilganmiz. Bu grant shartlariga ko‘ra, yil oxirigacha IELTS dan 7+ natija ko‘rsata olgan kunduzgi ta’lim shakli talabalari so‘nggi 1 yilni (4-kurs) va sirtqi ta’lim shakli talabalari esa so‘nggi 2 yilni (4-5 kurslar) mutlaqo bepul o‘qish imkoniyatini qo‘lga kiritadilar.
Bundan kо‘zlangan asosiy maqsad: О‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 19-maydagi “О‘zbekiston Respublikasida xorijiy tillarni о‘rganishni ommalashtirish faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari tо‘g‘risida” gi PQ-5117 son qarori ijrosini ta’minlash, iqtidorli talabalarni rag’batlantirish hamda ilmga chanqoq yoshlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashdan iborat.
Osiyo texnologiyalar universiteti talaba-yoshlarining darsdan bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, ular o‘rtasida sog'lom turmush tarzini keng targ'ib qilish maqsadida, “Shashka” sport turi va “Exclusive o‘yin”, “Zakovat” intellektual o‘yinlari bo‘yicha “Rektor Kubogi” musobaqalari o‘tkazilib kelinmoqda. Bundan tashqari, Xalqaro aloqalar bo‘limi tomonidan haftalik “Debate - Debat” klubi va “Cultural day – Madaniyatlar kuni” tadbirlari o‘tkazilib kelinmoqda.
Universitetimiz rahbariyati o‘z oldiga katta rejalar qo‘ygan. Universitetimizni kelajakda nafaqat respublikamizdagi eng yetakchi universitetlardan biri bo‘lishini, shu bilan birga, xalqaro darajalarda ham tanilib, yurtimiz va dunyo xalqlariga zamonaviy bilimlarga ega kadrlar tayyorlab berishi, zamonaviy tadqiqotlarga moslashgan ilmiy laboratoriyalarga ega bo‘lishini istagan holda, xalqaro miqyosda TOP-1000 talik reytingida o‘z o‘rnini egallashini niyat qilgan.
Shu maqsadda, universitet o‘zining xalqaro aloqalarini Kundan-kunga kengaytirib bormoqda. Xususan, Belgorod davlat milliy tadqiqot universiteti, Janubiy Koreyaning Seul va Ansan shaharlarida joylashgan Hanyang Erika va Gachon universiteti, Rossiya Federatsiyasining Nijniy Novgorod davlat lingvistika universiteti, Hindistonning Parul universitetlari bilan hamkorlik kelishuvlari imzolangan. Erishilgan kelishuvlar asosida universitetimiz professor-o‘qituvchilarini ushbu nufuzli universitetlarga malaka oshirish dasturlari va tajriba orttirish kurslariga yubormoqdamiz.
Buyuk rejalarimiz ijrosi sifatida Yangi O‘zbekiston massivida Osiyo texnologiyalar universitetining yangi binosi qad roslamoqda. Osiyo texnologiyalar universiteti yangi o‘quv binolarining umumiy sig‘imi 7000 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, o‘qish 2 smenada tashkil qilinganda, 14 000 nafar talabani qamrab olish imkoniyatiga ega.
Universitet yangi binosining umumiy loyihasida 7 qavatli bosh bino, 2 ta 6 qavatli o‘quv binosi, 2 ta 5 qavatli o‘quv binosi, 3 qavatli faollar zaliva sport zali, sport basseyni va oshxona, 1600 o‘rinli talabalar turar joyi hamda ARM binolari mavjud. Bundan tashqari, yangi universitet maydonida talabalar uchun ochiq futbol, voleybol va basketbol maydonlari hamda dam olish joylari tashkil etiladi.
2025-2026-o‘quv yilidan universitetda yangi yo‘nalishlar qatorida “Arxitektura” va “Qurilish muxandisligi” ta’lim yo‘nalishlariga ham talabalarni o‘qishga qabul qilish rejalashtirilgan. Ushbu ta’lim yo‘nalishlarida tahsil oladigan talabalarni nazariy bilimlar bilan bir qatorda, bevosita amaliyotiga munosib sharoit yaratish maqsadida universitet qoshida “Osiyo grand project” loyihalashtirish kompaniyasi va “Robots Group” qurilish kompaniyalari tashkil etilgan.
Ta’kidlab o‘tish joizki, Osiyo texnologiyalar universitetining yangi binosi qurilishi loyihasi “Osiyo grand project” loyihalashtirish kompaniyasiga jalb qilingan yetuk mutaxassislar tomonidan ishlab chiqilgan. Universitetning qurilish ishlari esa yangi tashkil etilgan “Robots Group” qurilish kompaniyasi tomonidan amalga oshirilmoqda.
O‘ylaymizki, tez orada ushbu o‘quv binolari qad ko‘tarib, Yangi O‘zbekiston massivi hamda shahrimizning ko‘rkiga ko‘rk, chiroyiga chiroy qo‘shadi degan umiddamiz.
Sizlarga eng ezgu, samimiy niyatlarimni izhor qilgan holda, yangi o‘quv yilida, bilim olishdek mashaqqatli jarayonda omad, samarali ijod va yutuqlar tilab qolaman.