Yangiliklar

Ijodkor va talaba-yoshlar uchrashuvi o'tkazildi!

  Avval xabar qilganimizdek, 2023-yil 15-iyun kuni Qarshi innovatsion ta’lim universiteti Axborot resurs markazida talabalar bilan viloyatimiz ijodkorlari o‘rtasida ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda viloyatimizning tajribali yozuvchi va shoirlaridan “Nasaf” nashriyoti nasr bo‘limi boshlig‘i Shokir Axmatov va nazm bo‘limi boshlig‘i Yusuf Ziyodovlar ishtirok etishdi.

  Ushbu uchrashuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad – universitetda tahsil olayotgan yosh ijodkorlarning ijtimoiy-ma’naviy faolligini oshirish, ularning ijodga bo‘lgan qiziqish va intilishlarini qo‘llab-quvvatlashdir.

  Uchrashuv davomida ustozlar yoshlarga ijod jarayoni to‘g‘risida qiziqarli ma’lumotlar, shuningdek, ijodda yuqori cho‘qqilarini egallash, haqiqiy ijodkor bo‘lib yetishish uchun nimalarga e’tibor qaratish zarurligi to‘g‘risida jo‘yali maslahat va tavsiyalarini berishdi. She’riyatga  qiziquvchi yoshlarga she’r  yozishda nimalarga  e’tibor  berish  va qanday talablarga rioya  qilish to‘g‘risida o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashishdi.

 She’r yozishga intilayotgan yoshlarning ruhini ko‘tarish, ularni  she’r  yozishga  yanada qiziqtirish, iste’dodlilarining she’rlarini gazetalarda yoritish va ilk  kitoblarini chiqarishga ko‘maklashish borasida ham fikrlar bildirildi.

 Ta’kidlash joizki, ijod ahli olamni ko‘ngil ko‘zi bilan ko‘radi.  Boshqa soha vakillari olamga asosan moddiylik nuqtai nazaridan qarashsa, ijod ahli xayolot dunyosi bilan qaraydi. Ularning dunyoqarashi, tasavvur olami juda ham keng bo‘ladi. Shuning uchun ham bunday odamlar olamga tatigulik, dunyoni o‘zgartirib yuboradigan darajada kuchli asarlar yaratishadi. Sevimli yozuvchimiz Abdulla Qahhor bejiz: “Adabiyot atomdan kuchli...”, - demagandi. Shuning uchun ham yurtimizda o‘zining noyob iste’dodi va mahoratini xalqimiz ma’naviyatini yuksaltirishga bag‘ishlagan, inson qalbining muhandislari bo‘lgan ijodkor ziyolilarga e’tibor doim yuqori.

 Uchrashuv davomida ijodkorlar, shuningdek, she’riyatga qiziqqan talaba-yoshlar tomonidan aytilgan she’rlar tadbir ishtirokchilari tomonidan katta qiziqish bilan qarshi olindi. Bu kabi uchrashuvlarni tez-tez o‘tkazib turish foydadan xoli bo‘lmasligi ta’kidlandi. Chunki, ijod ahli bilan bo‘ladigan har bir muloqot yoshlarda kitobxonlik madaniyatini, ma’naviyatni oshirishga xizmat qiladi.

Ulashing: