Oliy harbiy aviatsiya bilim yurtiga talabalar tashrif buyurishdi!
Qarshi innovatsion ta'lim universitetida “Yoshlar oyligi” doirasida qator tadbirlar tashkil etilmoqda. 14-iyun kuni 50 nafarga yaqin talaba-yoshlar Qarshi shahrida joylashgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy harbiy aviatsiya bilim yurtiga tashrif buyurishdi.
Ular Oliy harbiy aviatsiya bilim yurtida kursantlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi, axborot resurs markazi, aviatsiya muzeyi, madaniyat markazi, o‘quv laboratoriyalari, eng so‘nggi rusumdagi trenajyorlar bilan jihozlangan zalda bo‘lib, ularga uchuvchilar haqidagi videofilm namoyish qilindi.
Ta’kidlash joizki, mazkur bilim yurtining o‘quv va mashg‘ulot binolari zamonaviy trenajyorlar, uskunalar, axborot texnologiyalari bilan bekami-ko‘st jihozlangan.
- Ushbu muassasada havo hujumlaridan mudofaa qo‘shinlari va harbiy havo kuchlari uchun bir nechta yo‘nalish bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanadi, - deydi mayor F.Zokirov. - Oliy harbiy aviatsiya bilim yurtining aynan Qarshi shahrida tashkil etilishi bejiz emas. Chunki viloyat hududida mamlakatimizdagi eng yirik harbiy aerodromlardan biri - Xonobod aerodromi joylashgan. Bu esa kursantlarga harbiy samolyotlarni boshqarish, ularga texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha mashg‘ulotlar olib borish, o‘quv poligonlarida ishtirok etish imkonini beradi. Bu esa harbiy uchuvchilarning professionallik darajasini oshirishda muhim rol o‘ynaydi.
Shuningdek, talabalar qiruvchi, jangovar samolyot va vertolyotlarga chiqib, ularni boshqarish jarayonlari bilan tanishdilar hamda bilim yurti kursantlarining jangovar mashg‘ulotlarini kuzatdilar.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev Qarshi shahridagi Oliy harbiy aviatsiya bilim yurti faoliyati bilan tanishish asnosida bu yerda tahsil olayotgan kursantlarga qarata shunday degandi: “Har bir davlatning mudofaasi uning qudratini ko‘rsatadi. Mudofaani esa sizga o‘xshagan bilimli, aqlli, irodali harbiylar, muhandis va uchuvchilar ta’minlaydi. Bunga munosib bo‘lish uchun doim o‘qib-o‘rganib, o‘z ustingizda ishlab, har tomonlama barkamol bo‘lib yetishishingiz kerak”.
Darhaqiqat, shunday. Yurtimiz sarhadlarini ishonchli himoya qilish uchun harbiylarimiz bilimli, aqlli, jasur va mard bo‘lishlari lozim. Ushbu maskanda aynan mana shunday mard va jasur o‘g‘lonlar ta’lim-tarbiya olmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, ushbu bilim yurtida yuksak mahoratli mutaxassislar tayyorlanishi uchun barcha shart-sharoitlar muhayyo etilgan. Mamlakatimiz mustaqilligi, yurtimiz tinchligi, osmonimiz musaffoligi ko‘p jihatdan bu yerda ta’lim oladigan, yetuk mutaxassis bo‘lib, sarhadlarimizni munosib himoya etadigan askar va zobitlarning mas’uliyatli xizmatlari bilan chambarchas bog‘liq.
Qarshi Oliy harbiy aviatsiya bilim yurtiga uyushtirilgan sayohat talabalarda katta taassurot qoldirdi. Bu kabi tadbirlar talaba-yoshlarda vatanparlikni, jo‘shqinlikni, bilim olishga bo‘lgan ishtiyoqni yanada oshirishi shubhasiz.